# OSI modeli – Tarmoqdagi muloqotning 7 qavati

**OSI (Open Systems Interconnection)** modeli – Tasavvur qiling, siz katta binoga kirdingiz va lift yordamida 7-qavatga chiqasiz. Har bir qavatda turli funktsiyalar bajariladi, va har bir funktsiya ma'lumotni keyingi qavatga o‘tkazadi. Ma'lumot yuqoridan pastga (ma'lumot uzatilayotganida) yoki pastdan yuqoriga (ma'lumot qabul qilinayotganida) harakat qiladi.

<figure><img src="/files/7Qh925UdEgLVs8JhgzKi" alt=""><figcaption><p>OSI Model</p></figcaption></figure>

**OSI modeli qavatlari:**

**1. Physical (Fizik) qatlam – Yo‘lda ketayotgan yuk mashinalari**

Bu qatlamda ma'lumotlar **elektr signal** yoki **yorug‘lik nuri** ko‘rinishida uzatiladi. Ya'ni, bu qatlamda haqiqiy fizik aloqa amalga oshiriladi. Bu yerda faqat signalning qanday uzatilishi muhim – kabellardan yoki Wi-Fi orqali.

**Misol:**

Tasavvur qiling, sizning ma'lumotingiz yuk mashinasida yuklanib, kabellar yoki Wi-Fi havo yo‘llari orqali boshqa joyga ketmoqda. Yuk mashinasi faqat **yo‘ldan** ketadi, ichidagi yukka qiziqmaydi.

***

#### **2. Data Link (Ma’lumot ulanishi) qatlam – Mahalladagi pochta bo‘limi**

Bu qatlamda **MAC manzillari** ishlaydi. Bu qatlam ichida ma'lumotlar tarmoqdan tarmoqqa uzatiladi va har bir tarmoq ichidagi qurilmalar bir-biri bilan **MAC manzillar** orqali gaplashadi. Bu qatlam xuddi uy-uy yurib xatlar yetkazuvchi pochta bo‘limi kabi ishlaydi.

**Misol:**

Siz bir xat jo‘natyapsiz, pochta bo‘limi sizning xatingizni **uy raqamiga (MAC manziliga)** yetkazadi. Mahalladagi barcha uylarning o‘z raqami bor, va pochta xodimi bu raqamlar orqali xatni to‘g‘ri uyga yetkazadi.

***

#### **3. Network (Tarmoq) qatlam – Shahar xaritasi**

Bu qatlamda **IP manzillari** yordamida ma'lumotlar kerakli joyga ketadi. Tarmoq qatlamida ma'lumotlar to‘g‘ri manzilga yetib borishini ta'minlaydigan **IP manzillar** bilan bog‘lanadi. Bu qatlamni shahar ichidagi yo‘llar va manzillar deb tasavvur qilishingiz mumkin.

**Misol:**

Tasavvur qiling, siz biror shahar xaritasidan foydalanib, manzil topyapsiz. **IP manzili** bu xuddi sizning uy manzilingiz kabi. Sizning ma'lumotlaringiz ushbu xaritada kerakli joyni topadi va IP orqali qayerga borishi kerakligini bilib, yo‘lga chiqadi.

***

#### **4. Transport (Transport) qatlam – Tort bo‘laklarga bo‘lib yuboriladi**

Bu qatlam ma'lumotlarni **bo‘laklarga** bo‘lib, har bir bo‘lakni alohida yuboradi. Bu qatlamda **TCP** yoki **UDP** ishlaydi. **TCP** har bir bo‘lak yetib borganini tekshiradi va ishonchni ta’minlaydi. **UDP** esa hech narsani tekshirmaydi, faqat tez yetkazib beradi.

**Misol:**

Siz katta tortni do‘stingizga yubormoqchisiz. **TCP** bu tortni kichik bo‘laklarga bo‘lib, har bir bo‘lak yetib borganini tekshiradi. Agar bir bo‘lak tushib qolsa, qaytadan jo‘natadi. **UDP** esa tortni tez jo‘natadi, lekin yo‘lda bir bo‘lak yo‘qolsa ham qaytib qarab o‘tirmaydi.

***

#### **5. Session (Seans) qatlam – Telefon orqali bog‘lanish**

Bu qatlamda sizning qurilmangiz va server o‘rtasida **seans** o‘rnatiladi. Bu seans sizning ma'lumotlar almashishingizni boshqaradi va ularni nazorat qilib turadi.

**Misol:**

Siz telefon orqali do‘stingiz bilan gaplashyapsiz. **Session** qatlam bu suhbatni boshqaradi: aloqa o‘rnatiladi, davom ettiriladi va suhbat tugagach, seans yakunlanadi.

***

#### **6. Presentation (Taqdim) qatlam – Xabarni tarjima qilish**

Bu qatlamda ma'lumotlar tarmoqqa mos shaklda uzatiladi va **shifrlash** yoki **dekodlash** jarayonlari amalga oshiriladi. Bu qatlam xuddi tarjimon singari ishlaydi: ma'lumotni kerakli tilga tarjima qilib beradi.

**Misol:**

Siz o‘z tilingizda yozgan maktubni **shifrlash** orqali maxfiy kodga aylantirdingiz. **HTTPS** orqali yuborilgan xabarlar bu qatlamda shifrlanadi. Qabul qiluvchi manzilga yetganda esa, dekodlanadi va asl holatiga qaytariladi.

***

#### **7. Application (Ilova) qatlam – Internetdagi har bir narsa**

Bu qatlam foydalanuvchilar bilan ishlaydigan barcha ilovalar – veb-sahifalar, elektron pochta, chat ilovalari kabi xizmatlarni boshqaradi. Bu qatlamda siz internetdagi barcha faoliyatlaringizni amalga oshirasiz.

**Misol:**

Tasavvur qiling, siz **Google Chrome** brauzerida saytlarga kirasiz yoki email yozyapsiz. Barcha jarayonlar Application qatlamda sodir bo‘ladi. Bu foydalanuvchi interfeysi bo‘lib, internetdagi barcha ilovalar shu qatlamda ishlaydi.

**Misol bilan tushuntirish:**

Tasavvur qiling, siz bir xabar yuboryapsiz. Xabar **7-qavat (Application)** dan boshlanadi, keyingi qavatlarga tushib, oxir-oqibat **1-qavat (Physical)** ga yetib, elektr signal ko‘rinishida uzatiladi. Xabar qabul qilinganda, teskari yo‘nalishda, **1-qavatdan 7-qavatga** chiqib, oxirida sizning ekranda xabar ko‘rinadi.

#### **OSI modeli nima uchun yaratilgan?**

**OSI modeli** 1984-yilda **Xalqaro Standartlashtirish Tashkiloti (ISO)** tomonidan ishlab chiqilgan. Uning asosiy maqsadi — tarmoqlar qanday ishlashini tushuntirish va ular o‘rtasida muloqotni soddalashtirish edi. Bu model yordamida turli tarmoq protokollari va qurilmalarning qanday ishlashini yaxshiroq tushuntirish mumkin bo‘ldi.

OSI modeli **nazariy model** bo‘lib, u internetdagi tarmoq protokollarini tushuntirish uchun yaratilgan. Biroq, hozirgi zamonaviy tarmoqlarda **TCP/IP modeli** kengroq foydalaniladi.

<figure><img src="/files/obLfDB1ZirLbWJ8m55oF" alt=""><figcaption></figcaption></figure>

#### **TCP/IP modeli va nega u ishlatiladi?**

OSI modelidan farqli o‘laroq, **TCP/IP modeli** haqiqiy dunyoda keng qo‘llaniladi. U faqat 4 qatlamdan iborat va **internetning asosiy ishlash mexanizmini** ta'minlaydi. **TCP/IP** modeli **OSI**ga nisbatan soddaroq.

**TCP/IP qatlamlari:**

1. **Application (Ilova)** – Bu qavat OSI modelidagi 7, 6, va 5-qavatlarni o‘z ichiga oladi.
   * Bunda brauzerlar, email dasturlari, va boshqa ilovalar ishlaydi.
2. **Transport (Transport)** – Bu qavat OSI modelidagi 4-qavatga to‘g‘ri keladi.
   * Bu qavatda ma'lumotlarni uzatish, **TCP** va **UDP** yordamida amalga oshiriladi.
3. **Internet (Internet)** – Bu qavat OSI modelidagi 3-qavatga mos keladi.
   * Bu qavatda **IP manzillar** orqali paketlar uzatiladi.
4. **Network Interface (Tarmoq interfeysi)** – Bu qavat OSI modelidagi 1 va 2-qavatlarni o‘z ichiga oladi.
   * Ma'lumotlar fizik tarmoqlar orqali uzatiladi va qurilmalar o‘rtasida MAC manzillari ishlaydi.

#### **OSI modelining TCP/IP bilan bog‘liqligi:**

**OSI modeli** tarmoq muloqotini tushuntiruvchi nazariy modeldir, **TCP/IP modeli** esa real hayotda keng qo‘llaniladigan amaliy model. **TCP/IP** ning qatlamlari **OSI modelidagi** bir nechta qatlamlarni birlashtiradi va **internet** uchun eng asosiy protokol sifatida ishlatiladi va OSI modeli shunchaki tushuntirish cuhun nazariya va haqiqi hayotda esa **TCP/IP** ishlaydi.


---

# Agent Instructions: Querying This Documentation

If you need additional information that is not directly available in this page, you can query the documentation dynamically by asking a question.

Perform an HTTP GET request on the current page URL with the `ask` query parameter:

```
GET https://learn.csclub.uz/tarmoq-xavfsizligi/osi-modeli-tarmoqdagi-muloqotning-7-qavati.md?ask=<question>
```

The question should be specific, self-contained, and written in natural language.
The response will contain a direct answer to the question and relevant excerpts and sources from the documentation.

Use this mechanism when the answer is not explicitly present in the current page, you need clarification or additional context, or you want to retrieve related documentation sections.
